Ayollarning siyosiy faolligini oshirish: imkoniyat va muammolar tahlil qilindi

    Norasmiy sektorda mehnat qilayotgan ming-minglab xotin-qizlarning mehnat va ijtimoiy huquqlari taʼminlanishi qiyin boʻlyapti.

    Toshkent shahrida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Oqila ayollar harakati hamda ilmiy-tadqiqot institutlari hamkorligida “Ayollarning siyosiy faolligini oshirish: mavjud imkoniyatlar va muammolar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, hamkor tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi U.Inoyatov muloqotni boshlarkan, partiya ayollarning mehnat bozorida teng imkoniyatlarga ega boʻlishi, ayniqsa, qishloq joylarda ularni qoʻllab-quvvatlash, qizlarni zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish, oliy taʼlimda davlat grantlari sonini koʻpaytirish, bolalar bogʻchalari va ijtimoiy xizmatlar tarmogʻini kengaytirish, xotin-qizlar hayotini yengillashtirish dolzarb vazifa ekanini taʼkidladi.

    Qayd etish kerak, mamlakatimizda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator yoʻnalishlarda ishlar boshlangan. Misol uchun, har yili muayyan talaba xotin-qizlarning taʼlim kontraktlari davlat hisobidan qoplab berilyapti, ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan qizlar uchun davlat grantlari soni 2 barobarga oshirildi, uy-joyga muhtoj ayollarga ipoteka kreditining 15 foizi miqdorida boshlangʻich toʻlov toʻlab berilyapti, «Ayollar daftari« roʻyxatiga kiritilgan xotin-qizlar oʻz ishini boshlashi uchun subsidiya ham ajratilyapti.

    Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faol boʻlishi, ularning davlat va jamiyat boshqaruvida bevosita va faol ishtirok etishi, turli sohalarda oʻz salohiyatlarini roʻyobga chiqarishi, teng huquq hamda imkoniyatlardan toʻsiqlarsiz foydalana olishi Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga mos keladi.

    Partiya Saylovoldi dasturida xotin-qizlarning faolligini oshirish boʻyicha muhim gʻoya va tashabbuslar ilgari surilgan. Qisqa davrda ularni roʻyobga chiqarishga ham erishilayotgani bildirildi. Xususan, pensiya tayinlashda ayollarning bolani parvarishlash taʼtili muddati 3-yildan 6-yilgacha mehnat staji sifatida hisoblanadigan boʻldi, ota-onasi yoki boquvchisidan ayrilgan xotin-qizlarga davlat hisobidan oʻqish imkoniyati yaratildi.

    Muloqotda partiya hamkor tashkilotlar bilan birga ayollarning siyosiy faolligini oshirish masalalarida hududlarda doimiy ravishda oʻrganishlar oʻtkazayotgani, qator muammo va kamchiliklar aniqlanayotgani taʼkidlandi.

    Jumladan, oʻrganishlarda maʼlum boʻlishicha, xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtiroki 40 foiz atrofida, ular orasida ishsizlik masalasi hali ham dolzarb.

    Norasmiy sektorda mehnat qilayotgan ming-minglab xotin-qizlarning mehnat va ijtimoiy huquqlari taʼminlanishi qiyin boʻlyapti.

    Ish beruvchilar, aksariyat hollarda qonunni hurmat qilmaydigan tadbirkorlar ayollar mehnatini yetarli darajada qadrlamasdan, nisbatan kam haq toʻlamoqda.

    Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlari kamaymagan. Joriy yilning olti oyi davomida 48 mingdan ortiq ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlari qayd etilgan.

    Taʼlim olish, hunar oʻrganish istagidagi xotin-qizlar oilalar, ayniqsa, mutasaddi idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan belgilangan darajada qoʻllab-quvvatlanyapti. Kasb-hunarga oʻrgatish kurslari nomiga yoʻlga qoʻyilgan, masʼuliyatli vazifaga yuzaki yondashilayotgan holatlar ham oz emas.

    Muloqotda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faol boʻlishiga xalaqit berayotgan shu kabi muammolarni hamkorlikda hal qilish, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joriy qilingan dasturlar va loyihalarning natijadorligini oshirish masalalarida fikr almashildi. Deputatlar, mutaxassislar, olim va ekspertlarning mulohaza va takliflari tinglandi.

    Muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, parlament nazorati instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha dastlabki harakatlar rejasi kelishib olindi.