Ayolni tepib, mashinaga o'tqazgan PPX xodimi ishdan bo'shatildi

    Voqea-hodisalar 19 Sentabr 2023 1586

    Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan ayol kishiga ham shunaqa muomala qiladimi? sarlavhali xabar va unda keltirilgan holat Farg'ona viloyati IIB tomonidan o'rganib chiqildi. 

    Joriy yilning 18 sentyabr kuni Post-patrul` xizmati xodimlari Farg'ona shahar I.Karimov hamda Quvasoy ko'chalari chorrahasida xizmat olib borayotgan vaqtda, videotasvirdagi ayol tilanchilik bilan shug'ullanayotganligi uchun u bilan profilaktik suhbat o'tkazish maqsadida ayoldan yo'lning qatnov qismidan chetga chiqishi so'ralgan. Bundan ayolning jahli chiqib, xodimlarga faol qarshilik ko'rsatgan. Ayolni IIB ga olib ketmoqchi bo'lishganda qo'lidagi yosh bolasini erga tashlab yubormoqchi bo'lgan payt xodimlar tomonidan ushlab qolingan, - deyiladi Farg'ona viloyati IIB Axborot xizmati bergan axborotda.

    Ammo xodimning keyingi hatti-harakatlari jamoatchilikning haqli e'tiroziga sabab bo'ldi.

    Mazkur holat yuzasidan shu kunning o'zida xizmat tekshiruvi o'tkazilib, kasb odobi va etikasiga amal qilmay, noo'rin harakatlar sodir qilgan PPX xodimi egallab turgan lavozimidan bo'shatildi.

    Shuningdek, viloyat IIB barcha shaxsiy tarkibi yuqoridagi kabi xarakatlarni sodir etmasliklari yuzasidan qat'iy ogohlantirildi.

    Farg'ona viloyati IIB Axborot xizmati