Ayolni tunagan bosqinchi kuyov boʻlib chiqdi

    Xavfsizlik 24 Sentabr 2020 1025

    12-sentyabrga oʻtar kechasi soat 3.30larda Jizzax shahri Xalqobod mahallasida yashovchi, ayol kishining uyda bosqinchilik roʻy berdi.

    3 nafar niqob taqqan yigitlar jabrlanuvchi yashaydigan uy devoridan oshib kirib, uy egasi hamda uning 22 yashar va 3 yashar qizlarini pichoq bilan qoʻrqitib, urib, yuz va tanalariga jarohat yetkazib, pul talab qilgan.

    Bosqinchilar uydagi temir seyfni buzib ochib, 207 ming dollar pul, 3 ta tilla bilakuzuk, 5 ta tilla uzuk, 2 ta tilla zirak, 2 ta tilla zanjirni olib chiqib ketishgan. Umuman olganda jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar 267 ming dollarni tashkil qildi.

    Jabrlanuvchi bu toʻgʻrida ichki ishlar organlarini ogoh etgach, tezkor surishtiruv harakatlari olib borildi. Jumladan, pul va tilla buyumlar borligidan xabardor kishilarning jinoyat roʻy bergan vaqtda qayerda boʻlganligi aniqlandi. Tilla taqinchoqlari sotilishi mumkin boʻlgan joylarga eʼtibor qaratildi. Hududdagi videokameralar tasvirlari oʻrganilib, muqaddam sudlanganlar, jinoyatga moyil shaxslar bilan suhbatlar oʻtkazildi.

    Bu kabi saʼy-harakatlar natijasida jinoyatni Toshkent shahri Olmazor tumani Qoraqamish dahasida yashovchi, muqaddam sudlangan, 1993-yilda tugʻilgan fuqaro, xuddi shu manzilda yashovchi, muqaddam sudlangan, 1994-yilda tugʻilgan fuqaro, Toshkent shahri Sirgʻali tumani Quruvchilar dahasida yashovchi, 1996-yilda tugʻilgan fuqaro, Toshkent viloyati Zangiota tumani Nazarbek QFYda yashovchi, 1995-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan fuqaro, hamda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Chorbogʻ qoʻrgʻonida yashovchi, muqaddam sudlangan 1995-yilda tugʻilgan fuqarolar sodir etganliklari aniqlandi.

    Aytgancha, turar joyda pul va taqinchoqlar saqlanayotganligini jinoiy guruh aʼzosi, 1996-yilda tugʻilgan shaxs yaxshi bilgan. Chunki u jabrlanuvchining qizi bilan bir muddat shariy nikoh asosida yashagan.

    Xullas, ayni vaqtda ayblanuvchilar hibsga olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi IIV matbuot xizmati.