Ayolning boshini aylantirib pullarini "uxlat"gan firibgar qamaldi

    Oʻtgan yili Begzod simli firibgar Feruza ismli ayol bilan tanishib, uning qariyb, 10 ming AQSH dollar pulini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib oldi.

    Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

    Maʼlum boʻlishicha, firibgar 2023-yilning yanvarida Feruza ismli ayol bilan tanishib, oʻzini uyali aloqa kompaniyalaridan birida ishlashini, istasa “9999” raqamini olib berishini taklif qildi. Feruza chiroyli raqamni olish uchun uning kartasiga 300.000 soʻm oʻtkazib beradi. Oradan bir necha kun oʻtib, Firibgar ayolga uchrashishni taklif qildi. Bekzod Feruza bilan kelishilgan joyda koʻrishadida undan ayyorlik bilan shaxsiy turmushi haqida soʻraydi.

    Firibgarning firibiga chuv tushgan Feruza dardini unga doston qiladi. Ijarama-ijara yurganini aytadi. Shunda Bekzod tanish-bilishlari orqali Sergeli tumanidan subsidiyaga arzon uy olayotganini, istasa unga ham olib berishi mumkinligini aytadi. Feruzaga bu taklif "moydek" yoqib tushadi va va boshlangʻich toʻlov uchun tanish-bilishlaridan pul yigʻib 1700 AQSH dollarini firibgarga beradi. Oradan ikki hafta oʻtgach Bekzod ayolga telefon qilib, tezda 3.200 AQSH dollari topmasa puli kuyib ketishini aytdi. Aslida uyi kuyib ketayotganini sezmagan ayol yana tanish-bilishlariga iltimos bilan murojaat qildi. Bankdan mikroqarz olib unga 500 AQSh dollari tutqazdi. Ertasi yana 400 AQSh dollari berdi.

    Ishtahasi ochilgan "mard" uyning bitganini aytib, Feruzadan yana 3200 AQSh dollari soʻraydi. Feruza harchand urinmasin, tanishma-tanish, uyma-uy yurib pul pul topa olmadi. Shunda Feruza firibgardan ilgari bergan pullarini qaytarishini soʻradi. Tomosha shundan soʻng boshlandi. "Olijanob"likdan asari ham yoʻq muttaham telefonini koʻtarmay, qochib yurishga oʻtdi. Avval qarz soʻrab kovushini yirtgan ayol endi firibgarni izlab, yalangoyoq qolganini fahmladi va ichki ishlar idoralariga murojaat qildi.

    Murojaatga asosan oʻtkazilgan surishtiruvlar natijasida Bekzodning boshqa jinoyatlari, ilgari ham uch marotaba firibgarlik jinoyati bilan sudlangani aniqlandi.

    Hozirda Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tumani sudi tomonidan Bekzod Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 va 28, 211-moddalari bilan aybli deb topilib, 60-61 moddalari tartibida Bekzodga besh yilu ikki oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.