Avtomobilingizga sifatsiz benzin quyishdan ehtiyot boʻling! Ayrim AYOQSHlarda sifatsiz benzin sotilmoqda

    Transport 19 Aprel 2021 1077

    Bugungi kunda avtomobil yoqilgʻisi oʻzida benzin xususiyatlarini shakllantiradigan murakkab kimyoviy mahsulotdir. Dvigatelning asosiy tarkibiy qismlari – porshenlar, oʻt oldirish shamlari, benzonasos, egzoz va quvvat tizimlarining faol ishlashi benzin sifati bilan uzviy bogʻliq.

    Afsuski, soʻnggi vaqtlarda AYOQSHlarda sotiladigan yoqilgʻi sifatiga oid shikoyatlar kam emas. Baʼzi yoqilgʻi shaxobchalarida standartlarga mos boʻlmagan benzinlar ishlatilishi kuzatilmoqda va bu avtomobil dvigatelining ishdan chiqishiga hamda avtomobil egalarining qoʻshimcha xarajat qilishiga sabab boʻlyapti.

    Agar siz avtomobilingizda yoqilgʻi sarfining koʻpayganini, tortish koʻrsatkichlarining yomonlashganini (quvvatni yoʻqotish, gaz pedalini bosishda kuchsiz reaksiya) sezsangiz, muammo sabablarini aniqlash va dvigatelni diagnostika qilish uchun “UzAuto Motors”ning rasmiy servis markazlariga murojaat qilishingiz zarur.

    Sifatsiz benzinni ishlatish oqibatida kelib chiqadigan salbiy oqibatlardan qochish uchun quyidagi tavsiyalarga rioya qiling:

          • Avtomobilingiz uchun yoqilgʻini faqat ishonchli yoqilgʻi quyish shaxobchalaridan quying;
          • Yoqilgʻini konteynerlarda hamda maxsus sertifikatga ega boʻlmagan yoqilgʻi quyish mashinalaridagi jismoniy shaxslardan sotib olmang;
          • Qoʻshimcha moddalar qoʻshish orqali sunʼiy ravishda yuqori oktan raqamiga ega boʻlgan yoqilgʻidan foydalanmang;
          • Avtomobilingizga yoqilgʻi quyish paytida har doim toʻlov qogʻozini soʻrang va uni saqlab qoʻying.

    Va eng muhimi: avtomobilning yaxshi texnik holatini saqlab qolish uchun faqat ishlab chiqaruvchi tomonidan tavsiya etilgan yoqilgʻidan foydalaning (avtomobil qoʻllanmasida tavsiya etilgan yoqilgʻilar bilan tanishib chiqing).