Farmonga koʻra, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida:

➖ Fargʻona – Urganch – Fargʻona, Termiz – Urganch – Termiz hamda Qarshi – Urganch – Qarshi aviareyslari yoʻlga qoʻyiladi;

➖ Andijon – Xiva – Andijon temir yoʻl qatnovi soni oshiriladi;

➖ 2021-yil 1-aprelgacha Termiz – Qarshi – Xiva, Xiva –Urganch – Nukus va Termiz – Qarshi – Samarqand yoʻnalishlari boʻyicha doimiy temir yoʻl qatnovini yoʻlga qoʻyish choralari koʻriladi.

Quyidagi imtiyoz va preferensiyalar muddatlari 2021-yil 31-dekabrgacha uzaytiriladi:

➖ turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda soligʻi stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirish;

➖ kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun Oʻzbekistonda tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash;

➖ turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari)yem koʻrsatish boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilish;

➖ ular tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash.

Farmonga koʻra Navroʻz umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayrami hamda Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida qoʻshimcha va koʻchirish hisobiga ishlanmaydigan kunlar uch kundan kam boʻlmagan muddatga belgilanadi.

Ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi besh ish kunidan kam boʻlmagan “oilaviy sayohat taʼtili” tizimi joriy qilinadi.

2021-yil 1-martdan Oʻzbekiston fuqarolari va Oʻzbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan joylashtirish vositasida, ular yashagan har bir kun uchun turistik (mehmonxona) yigʻim undiriladi.