Ayrim bolalar uchun bogʻcha pulining bir qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi

    Oʻzbekistonda “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning farzandlari uchun oilaviy nodavlat bogʻchalarda toʻlanadigan haqning bir qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

    Bu boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining qoʻshma qarori bilan “Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalar farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ushbu bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Unga koʻra:

    • ota-onalar toʻlovining bir qismi Davlat budjetidan qoplab beriladigan ayrim toifadagi oilalarning farzandlari roʻyxati “Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini boshqarish” axborot tizimi orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi;
    • kompensatsiya oilaviy MTTga tegishli hududda 9 soatlik ish rejimidagi umumiy tipdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan ota-onalar toʻlovining 40 foizi miqdorida ajratiladi;
    • kompensatsiya miqdori oilaviy MTTga haqiqatda qatnayotgan ayrim toifadagi oilalar farzandlari sonidan kelib chiqib, tegishli bitimda belgilangan oʻrinlarning 15 foizidan koʻp boʻlmagan qismiga ajratiladi;
    • oilaviy MTTga qabul qilingan ayrim toifadagi oilalar farzandlarining soni belgilangan miqdordan koʻp boʻlganda, roʻyxat ayrim toifadagi oilalarning quyidagi ustuvor ketma-ketligi asosida aniqlanadi: “qizil” toifa; “sariq” toifa;
    • kompensatsiya belgilangan ayrim toifadagi oilalar farzandlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini boshqarish” axborot tizimidagi ota-onalar shaxsiy kabinetida aks etadi;

    Qarorga asosan:

    • kompensatsiya belgilanganligi yoki toʻxtatilganligi haqidagi xabar ota-onalarga mobil ilova hamda telefon raqamiga SMS xabarnoma yuborish orqali yetkaziladi;
    • ayrim toifadagi oila “Kambagʻal oilalar reestri” axborot modulida “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga oʻtkazilganda, kompensatsiya keyingi oʻn ikki oy mobaynida toʻlab boriladi.