Joriy yilning iyun-iyul oylarida Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shahobchalarida oʻtkazilgan navbatdagi tadbirlar davomida bir qator AGTKSHlarida tabiiy gazdan foydalanishda qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

Bu Davlat xavfsizligi xizmatining “Oʻzneftgazinspeksiya” hamda “Oʻztransgaz” AJ bilan hamkorlikdagi nazorat tadbirlarida maʼlum boʻldi, deya xabar berdi “Oʻzneftgazinspeksiya” axborot xizmati

Buxoro viloyatidagi 3 ta AGTKSHda 2,2 mlrd soʻmlik, Samarqand viloyatidagi 2 ta AGTKSHda 3,3 mlrd soʻmlik, Sirdaryo viloyatidagi 5 ta AGTKSHda 3,6 mlrd soʻmlik, Jizzax viloyatidagi 17 ta AGTKSHda 31,3 mlrd soʻmlik va Qashqadaryo viloyatidagi 1 ta AGTKSHda 1,5 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanagan.

Qoidabuzarliklarni kelib chiqishi AGTKSHlarining oʻlchov tizimlaridagi koʻrsatkichlarga tashqi taʼsir bilan bogʻliq ekanligi juda achinarli holat.

Hisob-kitoblarga asosan, mazkur korxonalar tomonidan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 41,9 mlrd soʻmni yoki 209 mingga yaqin xonadonlarni yoz mavsumidagi bir oylik isteʼmoliga teng boʻlgan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinganligi maʼlum boʻldi.