Ayrim huquqbuzarliklar boʻyicha jarimalar miqdori kamaytiriladi

    Mamlakatimizda 10 Avgust 2021 1958

    Adliya vazirligi tomonidan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning beshta moddasidagi maʼmuriy huquqbuzarlik uchun jarimalarni keskin kamaytirish nazarda tutilgan.

    Xususan:

    - muddati oʻtgan sugʻurta polisi yoki sugʻurta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori ikki baravarga kamaytiriladi (amalda 245 ming soʻm, endilikda 122,5 ming soʻm etib taklif etilyapti);

    - transport vositalari egalari tomonidan sugʻurta polisini olmaganlik uchun jarima fuqarolar uchun ikki baravarga (amalda 245 ming soʻm, endilikda 122,5 ming soʻm etib taklif etilyapti), mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismga (amalda 735 ming soʻm, endilikda 490 ming soʻm etib taklif etilyapti) kamaytirilyapti;

    - fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki oʻtkazish uchun jarima miqdori BHMning oʻn baravaridan (2 million 450 ming soʻm) yigirma baravarigacha (4 million 900 ming soʻm) boʻlgan miqdor oraligʻida belgilanmoqda (amalda qatʼiy miqdorda – 4 million 900 ming soʻm etib belgilangan);

    - buxgalteriya hisobi va hisoboti tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar miqdori deyarli ikki baravarga kamaytirilyapti (amalda 1 million 200 ming soʻmdan 2 million 400 ming soʻmgacha, endilikda 735 ming soʻmdan 1 million 700 ming soʻmgacha, bir yil ichida qayta sodir etilganda amalda 2 million 400 ming soʻmdan 4 million 900 ming soʻmgacha, endilikda 1 million 700 ming soʻmdan 2 million 400 ming soʻmgacha etib belgilash taklif etilgan);

    - yoʻlovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shugʻullanganlik uchun jarima miqdori uch baravarga kamaytirilyapti (amalda fuqarolar uchun 4 million 900 ming coʻmdan 24 million 500 ming soʻmgacha, endilikda 1 million 700 ming soʻm etib, mansabdor shaxslar uchun 12 million 200 ming soʻmdan 36 million 700 ming soʻmgacha boʻlsa, endilikda 7 million 300 ming soʻm etib belgilash taklif etilgan);

    - pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori ikki baravardan ham koʻproqqa kamaytirilyapti (223-modda);

    - Oʻzbekiston fuqarosi pasport olmaganligi yoki uning shikastlanishi, yoʻqolganligi, shuningdek, chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi boʻlmaganligi, yashash guvohnomasining shikastlangani yoki yoʻqolganligi uchun amaldagi 122 ming soʻmdan 735 ming soʻmgacha boʻlgan jarima miqdori 81,6 ming soʻmdan 245 ming soʻmgacha boʻlgan miqdorgacha etib belgilash taklif qilinmoqda;

    - Fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmagan, vaqtincha yoki doimiy roʻyxatdan oʻtmagan fuqarolarni turar-joy binolarida yashashga ruxsat berganlik uchun amaldagi 2 million 400 ming soʻmdan 735 ming soʻmgacha etib belgilash taklif qilingan, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.