Ayrim kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini hisobga qoʻyish tartibi belgilandi

    Hukumat qarori (72-son, 10.02.2025-y.) bilan “Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Nizom yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibini belgilaydi.

    Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari alohida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.

    Boʻlinma va boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari, Nodavlat notijorat tashkilotlarining elektron platformasi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali koʻrsatiladi.

    Boʻlinmani va boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish uchun yigʻim undirilmaydi.

    Boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kunida koʻrib chiqiladi.

    Soʻrovnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan boʻlinmani yoxud boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.

    Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan hisobga qoʻyilgan boʻlinmalar va boshlangʻich tashkilotlar reyestri yuritiladi.