“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga asosan litsenziya talablari va shartlari buzilishi aniqlanganligi sababli, “Agros Hayot” sugʻurta kompaniyasi aksiyadorlik jamiyatining 2021-yil 1-dekabrdagi SF 00024-sonli hamda “Farovon Sugʻurta” aksiyadorlik jamiyatining 2022-yil 25-fevraldagi SF 00046-sonli litsenziyalarining amal qilish muddati 2022-yil 23-may sanasidan boshlab oʻn kun muddatga toʻxtatildi.
Ushbu davr mobaynida sugʻurtalovchiga yangi sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomalarini tuzish, shu jumladan amaldagi sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomalarini uzaytirish taqiqlanadi. Ilgari tuzilgan sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomalari boʻyicha esa oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini belgilangan tartibda bajarishi shart.
Sugʻurta tashkilotlari tomonidan ular faoliyatidagi qonunchilik talablarining buzilishi holatlari bartaraf etilganligini asoslovchi hujjatlar ushbu muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligiga taqdim etilishi lozim.
Aks holda, ushbu sugʻurta tashkilotlariga nisbatan sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalarining amal qilishini qonunchilikda belgilangan tartibda oʻn kundan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatish choralari koʻriladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 35 va 36-moddalari talablari buzilganligi sababli, ularni bartaraf etish, aks holda sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalarini toʻxtatilishi yuzasidan bir nechta sugʻurta tashkilotlariga taqdimnomalar kiritilgan.