Ayrim tadbirkorlarga 50 mln soʻmgacha kreditlar garovsiz beriladi

    Biznes 22 Aprel 2023 1313

    “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratishni takomillashtirish hamda aholining doimiy daromad manbalarini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (161-son, 19.04.2023-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, oilaviy dasturlar boʻyicha kreditlar foizi yillik 14 foizdan oshmaydi. Bunda:

    • kreditlar ustuvor ravishda dasturlar boʻyicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlarga ajratiladi;
    • dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlaridan samarali foydalanib, tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan va kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlagan kichik tadbirkorlarga oʻz faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruxsat etiladi.

    Shuningdek:

    • hokimliklar dehqon xoʻjaliklariga yer maydonlaridan samarali foydalanish hamda “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulotlar yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlar bozorini topishga koʻmaklashadi;
    • Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi narxlar asossiz oʻsishining oldini olish, yetkazib berilayotgan mahsulotlar (koʻrsatilayotgan xizmatlar) narxlarining hududdagi ichki bozor narxlariga mutanosib boʻlishini taʼminlaydi;
    • hokim yordamchilarining kredit ajratish boʻyicha tavsiya berishiga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
    • “marketpleys” tizimi “Ye-aktiv” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

    Dasturlar doirasida 50 mln soʻmgacha garovsiz kreditlar:

    • Prezident qaroriga (https://lex.uz/docs/6346726) asosan zargarlik ishi yoʻnalishi boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olgan shaxslarga zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan jihozlar va asbob-uskunalar sotib olish uchun;
    • agrar tarmoqda oʻz biznesini tashkil etishga koʻmaklashish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish maqsadida uzoq muddatga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarini ijaraga olgan dehqon xoʻjaliklari va kichik tadbirkorlarga ajratiladi.