“Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga (PF–244-son, 09.11.2022-y.) muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan elektron tijorat, transport va logistika, sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohalari boʻyicha yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlarning zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni cheklangan muhitda sinovdan oʻtkazish boʻyicha “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi.

2023-yil 1 yanvardan:

Maxsus huquqiy rejim doirasida tadbirkorlarga quyidagilarga ruxsat etiladi:

yangi mahsulot va xizmatlarni joriy qilish faoliyatini cheklangan doirada tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlariga amal qilmaslik;
litsenziyasiz va ruxsat berish hujjatisiz faoliyatni amalga oshirish;

Maxsus huquqiy rejim vakolatli organ va tashabbuskor oʻrtasida har bir loyiha boʻyicha alohida tuziladigan kelishuvga asosan joriy etiladi;

Maxsus huquqiy rejim yakunlari boʻyicha vakolatli organ tomonidan 1 oyda:

sinovdan oʻtkazilgan mahsulot va xizmatlarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahlil oʻtkaziladi;

mahsulot va xizmatlarni joriy etish maqsadga muvofiq deb topilganda, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.

Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 1-yanvargacha “Maxsus huquqiy rejim toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Adliya vazirligi Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrining operatori hisoblanadi.

Yagona reyestr quyidagi bosqichlarda shakllantiriladi:

birinchi bosqichda (2023-yil) – qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, taʼlim va transport sohalaridagi majburiy talablar roʻyxati shakllantiriladi;

ikkinchi bosqichda (2024–2025-yillar) – barcha sohalardagi majburiy talablar roʻyxati shakllantiriladi;

Yagona reyestr 2025-yil 1-iyuldan toʻliq ishga tushiriladi.