“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-146-son, 01.04.2024-y.) qabul qilindi
Unga koʻra, Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida 2024-yilda yuqori daromadli va eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, saralash, quritish, qayta ishlash hamda ularni eksport qilish bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan jami 1,5 trillion soʻmgacha boʻlgan miqdorda kredit resurslari yoʻnaltiriladi.
Mahalliy mahsulotlar stendlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro koʻrgazma va yarmarkalarda jozibador lokatsiyalarda joylashtirish uchun ariza kiritish va Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasiga amalda ajratilgan mablagʻlar hisobidan oldindan 100 foiz toʻlab berish tartibi joriy qilinadi.
Bunda, koʻrgazma va yarmarka tadbirlarida ishtirok etish xarajatlari uchun tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidagi toifasiga mutanosib ravishda, jumladan “AAA” boʻlganda 100 foiz, “AA” – 95 foiz, “A” – 90 foiz, “VVV” – 85 foiz, “VV” – 75 foiz hamda “V” – 65 foiz miqdorida subsidiyalar ajratiladi.
2024-yil 1-apreldan:
- meva-sabzavot mahsulotlari boʻyicha bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 10 foizidan oshmagan taqdirda muddati oʻtgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qoʻllanmaydi;
- 2026-yil 1-yanvargacha mahallalarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yigʻib, faqat mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga sotish bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida roʻyxatdan oʻtkazishga ruxsat beriladi.
Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tegishli davlatda mahalliy qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish va realizatsiya qilishda savdo agentlari faoliyatini yoʻlga qoʻyadi.