Ayrim tadbirkorlarga toʻlangan soligʻining bir qismi qaytarib beriladi

    Hukumat Qarori (745-son, 07.11.2024-y.) bilan Umumiy ovqatlanish, turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga byudjetga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik Nizomi tasdiqlandi

    Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Vaqtinchalik Nizomga koʻra, 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga - byudjetga toʻlangan soliqning 20 foizi qaytariladi.

    2025-yil 1-yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga oylik tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmasining naqd pulsiz qismi:

    — 60 foiz va undan yuqori boʻlganda — byudjetga toʻlangan soliqning 40 foizi;
    — 60 foizdan kam boʻlganda — byudjetga toʻlangan soliqning 20 foizi qaytariladi.

    Tadbirkorlik subyekti soliq hisobotini taqdim etgandan soʻng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli.

    Soliqning bir qismi quyidagi shartlar toʻliq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:

    — hisobot davrida soliq boʻyicha taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq byudjetga toʻliq toʻlanganda;
    — hisobot davrida umumiy ovqatlanish, turoperatorlik yoki mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha umumiy tovar aylanmasi jami tovar aylanmasining 90 foizidan kam boʻlmaganda;
    — hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatining oʻziga xos xususiyatlariga yoki amalga oshiriladigan turlariga muvofiq boʻlgan identifikatsiya kodlari aks ettirilgan qismiga nisbatan.

    Vaqtinchalik Nizom 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.