Qonunga koʻra, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar, yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar yoʻqolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan ID-kartasini yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarni vaqtincha roʻyxatga olishda ham davlat boji undirilmaydi.
Bundan tashqari, yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olingan uy-joyni ularning nomiga rasmiylashtirish uchun notarial harakatlarni amalga oshirishda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarga, yolgʻiz yashovchi keksalarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga homiylik qilish uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritilishi nazarda tutilmoqda.