Hukumat qarori (32-son, 28.01.2026-y.) bilan “Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida”nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, yashash xarajatlari davlat oliy taʼlim tashkilotlarining faqat kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalariga davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida tahsil olishidan qatʼi nazar, Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Talabaning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar-joylaridagi yashash xarajatini qoplab berish uning oilasi Ijtimoiy reyestrning “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan sanadan boshlab 12 oy davomida saqlanib qoladi.
Talabalar ustuvorlik asosida, navbatsiz davlat oliy taʼlim tashkilotining talabalar turar joyiga qabul qilinadi.
Ariza beruvchi mazkur masalada oʻzi taʼlim oladigan oliy taʼlim tashkilotining rektori (filial direktori) nomiga oyning 7-sanasiga qadar ariza bilan murojaat qiladi.
Ariza beruvchi mustaqil ravishda komissiyaga kontrakt.edu.uz orqali ariza yuborishi ham mumkin.
Ariza tegishli oʻquv yili uchun bir marotaba yuboriladi.
Fakultetlarning yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosarlari (masʼullar) 1 kun muddatda elektron tarzda yuborilgan arizalarni umumlashtirgan holda belgilangan tartibda komissiyaga taqdim etadi.
Masʼullar tomonidan taqdim etilgan arizalar 1 kun muddatda komissiya tomonidan oʻrganib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.