Ayrim viloyatlarda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun yagona toʻlov tariflari belgilandi

    Urbanizatsiya 28 Noyabr 2023 1308

    Toʻlov tariflari oxirgi 2-4 yil davomida qayta koʻrib chiqilmagan. Oqibatda sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan va 2022-yil yakuni boʻyicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketishiga olib kelgan.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tashabbusiga muvofiq, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholining daromadi va turmush darajasini inobatga holda yangi toʻlov tariflari tasdiqlanishi ilgari surildi.

    Yagona toʻlov tariflarini koʻrib chiqishda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi ishchi organ etib belgilangan. Ishchi organ tomonidan oʻtkazilgan tahlillariga koʻra, oʻtgan davr mobaynida toʻlov tariflariga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillar, xususan, ish haqi 1,5 baravarga, avtotransport yoqilgʻi-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlari qiymati hamda kommunal xizmatlar jumladan, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suvi narxlari 2 baravarga, siqilgan tabiiy gaz narxi 4 baravarga, benzin 1,5 baravar, dizel yoqilgʻisi esa 2 baravarga oshgani aniqlangan.

    Biroq Respublikada qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha aholiga koʻrsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan toʻlov tariflari oxirgi 2-4 yil davomida qayta koʻrib chiqilmagani oqibatida sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ularning 2022-yil yakuni boʻyicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketishiga olib kelgan.

    Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Toshkent, Samarqand, Fargʻona va Andijon viloyatlari Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari xulosasiga koʻra Xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarining tegishli sessiya qarorlari bilan davlat xususiy sheriklik loyihasi ishtirokchilari tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun:

    • Toshkent viloyatining jami 22 ta shahar va tumanlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 4400 soʻm va yuridik shaxslar uchun esa 61 000 (68 320 QQS bilan) soʻm toʻlov miqdori;
    • Samarqand shahri va Samarqand tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 5000 soʻm va yuridik shaxslar uchun 90 000 soʻm (QQS bilan) viloyatning boshqa tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 4129 soʻm va yuridik shaxslar uchun 59 693 soʻm (QQS bilan) toʻlov miqdori;
    • Fargʻona viloyati shaharlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 5000 soʻm va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) soʻm viloyat tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 4000 soʻm va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) soʻm toʻlov miqdori;
    • Andijon viloyatining jami 16 ta shahar va tumanlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 3500 soʻm va yuridik shaxslar uchun esa 47 500 soʻm (QQS bilan) toʻlov miqdori etib belgilanishi maʼqullandi.