Ayrim xonadonlarda elektr energiyasining sutkalik isteʼmoli 1000 kilovatt-soatgachaga yetgan — Energetika vazirligi

    Energetika 26 Iyul 2022 744

    Oʻtgan hafta davomida anomal issiq havo harorati sababli tabiiy ravishda elektr energiyasiga boʻlgan talab eng yuqori isteʼmolni tashkil qildi.

    Energetika vazirligi vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, respublika boʻyicha oʻtgan yoz mavsumida havo haroratining eng yuqori, sutkasida 224 million kilovatt-soat elektr energiyasi isteʼmol qilingan boʻlsa, joriy yilning 22-iyul kuni eng yuqori isteʼmol qayd etilib, 237 million kilovatt-soat yoki 6 foizga koʻpni tashkil qildi.

    Xususan, Toshkent shahrida isteʼmol tarixiy koʻrsatkichga yetib, odatda kuz-qish mavsumida yuqori boʻladigan isteʼmoldan ham ortdi. Yaʼni, oʻtgan 2021/2022-yillar kuz-qish mavsumida Toshkent shahrida eng yuqori isteʼmol 24 million kilovatt-soatni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yil 22-iyul sanasi bu koʻrsatkich 27,5 million kilovatt-soat yoki 15 foizga koʻpni tashkil etdi.

    Isteʼmolning bunday oshishiga, albatta, yangi binolarning qurilishi, ishlab chiqarish korxonalarining ishga tushirilishi bilan bir qatorda ayrim xonadonlarda elektr energiyasining sutkalik isteʼmoli 1000 kilovatt-soatgachaga yetganligi yoki ushbu xonadonlar oʻrtacha xonadonning 4-5 oylik elektr energiyasi isteʼmolini bir kunda isteʼmol qilishi sabab boʻlgan.

    Energetika vazirligi havo haroratining issiq kunlarida elektr qurilmalarida yuklamaning ortib ketishi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yirik nosozliklarni oldini olish va elektr energiyasi yetkazib berilishining barqarorligini taʼminlash maqsadida, isteʼmolchilardan imkon qadar ushbu resursdan tejamkorlik bilan foydalanishlarini eslatib oʻtadi.