“Oʻzenergoinspeksiya“ matbuot xizmatining xabar berishicha, tabiiy gazni AGTKSH orqali sotishni toʻliq raqamlashtirgan holda ulardan noqonuniy foydalanish, baxtsiz hodisalarni oldini olish, tizimni onlayn ravishda kuzatib turish va boshqarish kabi ishlarni tartibga solish maqsadida “U-Gaz“ tizimi joriy etilgan.
Ushbu tizim AGTKSHlarda tabiiy gaz sarfi hisobi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida yuritish boʻyicha maxsus axborot tizimi boʻlib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlariga chek qoʻyiladi. Shuningdek, avtotransport vositalariga belgilangan normadan ortiq bosimda gaz toʻldirilmaydi, avtomobillarning koʻrik muddati oʻtgan boʻlsa, unga AGTKSHlar tomonidan gaz quyilmaydi hamda baxtsiz hodisalarning yuzaga kelish xavfi oldi olinadi.
Bugungi kunda respublikamizda faoliyat yuritayotgan 1 442 ta AGTKSHning 424 tasida “U-Gaz” tizimi joriy etilgan va 742 tasida raqamlashtirish jarayoni ketmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-iyulda “Tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 387-sonli qaroriga koʻra, AGTKSHlarda ushbu tizimni joriy etish 2025-yil 1-yanvardan boshlab majburiy hisoblanadi.
Endilikda mazkur tizimni joriy etmagan AGTKSHlar faoliyatida cheklovlar joriy etiladi. Shuningdek, siqilgan tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazini va gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish uchun litsenziya olish tartibi qayta koʻrib chiqiladi.
Maʼlumot oʻrnida: 2024-2025-yillarda AGTKSHlarda 276 ta holatda 591,5 mlrd soʻmlik tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan. Shuningdek, AGTKSHlarda 11 ta baxtsiz hodisa sodir boʻlgan.