Аyrimlarning Haj safariga joʼnatamiz, degan aldovlariga uchmang! — Din ishlari boʼyicha qoʼmita

    Ijtimoiy hayot 20 May 2023 2114

    Аyni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Falon firma bilan haj qiling!”, “Haj safari uchun sanoqli joy qoldi!”, “Haj uchun yarim narxni toʼlang!” kabi jimjimador sarlavha ostidagi reklamalar koʼpaymoqda.

    Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning taʼkidlashicha, ayrimlar umra vizasi, turistik (ziyorat) viza, biznes viza bilan haj qilishni vaʼda qilmoqda, buning mutlaqo imkoni yoʻq!

    Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarish uchun albatta “Haj-2023” vizasi boʻlishi shart.

    Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq chet el fuqarolari uchun haj ibodatini ado etishning asosiy sharti haj vizasiga ega boʻlish hisoblanadi.

    Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va b.lar) bilan haj tadbirini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga koʻra qatʼiyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazolanadi.

    Oʻzbekiston uchun ajratilgan haj kvotasi faqatgina Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etiladigan Haj safariga otlangan ziyoratchilarga ajratilgan, shunday ekan, ayrimlarning Oʻzbekiston orqali Haj safariga joʻnatamiz, degan aldovlariga uchmang!

    Ular fuqarolarimizni boshqa davlatlar orqali noqonuniy tarzda olib ketishga urinishmoqda. Bu esa, qonuniy asosga ega boʻlmagan va haj tashkil etishga vakolati yoʻq kimsalarning urinishidir. Kezi kelganda aytib oʻtish kerak-ki, bu kabi xatti-harakatlar Saudiya Arabistoni Podshohligi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida qatʼiy chora koʻrilishiga sabab boʻladi.

    Muborak safarlarga noqonuniy yoʻllar bilan borishga intilish Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100.000 saudiya riyoli (26.000 AQSH dollari) miqdorida jarima solishga olib keladi.

    Maʼlumot uchun, birgina 2022-yil Haj masumida 500 nafardan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi turistik va biznes viza orqali Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, Haj ibodati maydoni “Mashoir”ga kira olmaganlar.

    Haj mavsumi arafasida ziyorat viza (turistik) olgan holda Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya davlatlari orqali kelgan 1500 nafarga yaqin fuqarolarimiz esa Saudiya Arabistoni hududiga kiritilmagan. Jumladan, 155 nafar fuqarolarimiz Podshohlik haj qonunchiligini buzganlik uchun Saudiya Arabistonidan 10 yil muddatga deportatsiya qilingan.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, yurtimizda “Haj” tadbiri Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshiriladi. Shunga koʻra, haj tadbirini tashkil etish vazifasi sayyohlik firmasi yoki turagentliklar vakolatiga kirmaydi.