Afgʻoniston Islom Respublikasidan yurtimizga mehmonlar Surxondaryo viloyatining “Ayritom” chegara bojxona posti orqali kirib keladi. Oʻtgan yili mazkur post orqali 40 mingga yaqin yuk va yengil avtotransport vositasi harakatlanib, kuniga oʻrtacha 100-110 ta transport bojxona nazorati va koʻrigidan oʻtkazilgan.
Chegara-bojxona postining zamonaviy, ilgʻor nazorat texnik uskunalari, axborot texnologiyalari bilan jihozlangani avtotransport vositalari hamda yoʻlovchilarni tezkor bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish uchun qator qulayliklar yaratildi.
Bu yerda barpo etilgan Turizm axborot markazi Oʻzbekistonga kelayotgan mehmonlarni mamlakatimizning boy turistik salohiyati hamda sayyohlarga xizmatlar koʻrsatuvchi subyektlar bilan yaqindan tanishtirish va shu yerning oʻzida turli xizmatlarni taqdim etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Janubdagi darvozada “Qobul–Termiz” masʼuliyati cheklangan jamiyati barpo etgan innovatsion markazda Oʻzbekistondagi barcha turistik obyektlar, mehmonxonalar, transport qatnovlari, ovqatlanish shoxobchalari va boshqa xizmatlar koʻrsatish tarmoqlari haqida aniq maʼlumotlar mavjud. Markazda paynet xizmatidan foydalanish, yurtimizdagi aloqa operatorlarining SIM-kartalari, suvenir va boshqa esdalik mahsulotlarni sotib olish mumkin. Transport vositasi, jumladan yengil taksi chaqirish xizmati yoʻlga qoʻyilgan.
Termiz xalqaro aeroporti, Temir yoʻl vokzali, Termiz arxeologiya muzeyi, “Termiz” davlat muzey-qoʻriqxonasida turizm axborot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, sayyohlarning xabardorligini oshirish uchun viloyatning turistik obyektlari va xizmat koʻrsatish shoxobchalari haqidagi maʼlumotlar joylashtirilgan edi. “Ayritom” chegara-bojxona postida ish boshlagan turizm axborot markazi esa mehmonlarning mamlakatimiz boʻyicha yetarli maʼlumot olishiga xizmat qiladi. Yangi markaz viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi tomonidan oʻzbek va xorijiy tillardagi bepul turistik xaritalar, risolalar, flayerlar bilan taʼminlandi. Ayni paytda markazda xorijiy tillarni chuqur biladigan xodimlar sifatli, tezkor xizmat koʻrsatib, mehmonlarni sohadagi yangiliklar, qoʻshimcha xizmat shoxobchalari bilan yaqindan tanishtiryapti, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.