Yurtimiz charm-sanoat mahsulotlariga AYSAF xalqaro koʻrgazmasida katta qiziqish bildirildi

    Biznes 18 Noyabr 2022 1743

    Turkiyaning Istambul shahrida dunyo charm-poyabzal sanoatining eng yirik koʻrgazmasi “AYSAF” oʻz faoliyatini boshladi. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va unga aʼzo korxonalar mazkur xalqaro koʻrgazmada faol ishtirok etyapti.

    Undan koʻzlangan maqsad xalqaro tajribani oʻrganish, mahalliy sanoatimizga soʻngi tendensiyalarni qoʻllash hamda yangi hamkorlar topishdir.

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va korxonalarimiz vakillari moda anjumani doirasida Portugaliyaning yirik koʻrgazma tashkilotchisi sanalgan “BridgeExpo” rahbari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqotda koʻrgazmalar faoliyatida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalasi muhokama etildi. Portugaliya tomoni mahsulotlarimiz sifatiga yuqori baho berib, korxonalarni Portugaliyada boʻlib oʻtadigan “InterShoes” koʻrgazmasida ishtirok etishga taklif qildi. Shuningdek, uyushma vakillari Portugaliya tomoni bilan 2023-yil bahorda Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Uzcharmexpo-ShoesStar-EuroAsia-2023” xalqaro koʻrgazmasida Portugaliya tadbirkorlari ishtirokini taʼminlash borasida fikr almashdi. Qayd etilganidek, YEI, Turkiya, Xitoy va Hindistondan hamkorlarni Oʻzbekistondagi koʻrgazmaga taklif qilish, pavilyonda alohida stendlar bilan ishtirok etish yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi.

    Maʼlumot oʻrnida, poyabzal ishlab chiqaruvchilar va sanoat uyushmasi (AYSAD) va Artkim yarmarkalar majmuasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro poyabzal sanoati yarmarkasi- AYSAF joriy yilda 82 ta davlatdan 307 ta eksponentni birlashtirdi. Koʻrgazmada 1 000 dan ortiq brendlar yangi mahsulotlari bilan ishtirok etyapti. 2022-yildagi koʻrgazma doirasida kimyo sanoatini tashkil etgan yarmarkalar ham boʻlib oʻtyapti.

    Koʻrgazma doirasida poyabzal sanoatining koʻplab yoʻnalishlarida faoliyat olib borayotgan xalqaro kompaniyalar bilan muloqotlar oʻtkazildi. Shuningdek, ular “Uzcharmexpo-ShoesStar-EuroAsia-2023” xalqaro koʻrgazmasida ishtirok etishga katta qiziqish bildirdi.

    “AYSAF” koʻrgazmasi tashkilotchisi “AYSAD” vakillari bilan uchrashuvda koʻrgazmalar faoliyatida hamkorlik qilish masalasi koʻrib chiqildi. Turkiyadagi koʻrgazmalarda toʻgʻridan-toʻgʻri qulay shartlarda ishtirok etish boʻyicha takliflar oʻrganib chiqildi. Tashkilot rahbarlari “UzCharmExpo” koʻrgazmasiga taklif etildi.

    Korxonalarimiz esa turli mahorat darslari, taqdimot va seminarlarda ishtirok etib kelgusi yilning soʻngi tendensiyalari bilan yaqindan tanishyapti. Shuningdek, soha uchun asbob-uskuna ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar bilan ham uchrashib muzokaralar olib borilyapti, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.