Shu sababli haligacha dunyoda bu ofatga, uning oqibatlariga qarshi kurashning hamma uchun samarali, yagona mezon va talablari ishlab ­chiqilmadi.

Ana shunday paytda Oʻzbekistonning taraqqiyotiga xalq bilan bamaslahat belgilab olgan Harakatlar strategiyasi asosida yondashuv pandemiyaga qarshi kurashda koʻrilayotgan tadbirlarning asosi boʻlyapti, desak hech bir xato qilmagan boʻlamiz.

Eng avvalo, kasallikning oldini olish, bu infeksiyaga chalingan fuqarolarni davolash choralari koʻrildi. Xorijdagi fuqarolarini olib kelib, davolashni ham barcha davlat yoʻlga qoʻygan emas. Cheklovlar natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy, moliyaviy tangliklarni bartaraf etish uchun berilgan imkon, imtiyoz va begʻaraz yordamlarni koʻrib, bilib turibmiz.

Mamlakatimizda pandemiya va uning oqibatlariga qarshi kurash Harakatlar strategiyasidagi vazifalar bilan birgalikda izchil va bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Klasterlar faoliyati olis qishloqlargacha yetib borayotgani fikrimizning yana bir misoli. Oʻtgan davr ichida Samarqand viloyati boʻyicha yoshlarga, kam taʼminlangan oilalarga, chet eldan qaytib, shu yerda qolmoqchi boʻlgan fuqarolarga lalmikor yerlardan issiqxona, bogʻ-rogʻ tashkil qilish, shu orqali roʻzgʻorini uddalash uchun 6 ming gektar yer boʻlib berildi.

Bundan tashqari, 9 ming 700 gektar yer 19 ming 134 nafar kambagʻal va ishsiz fuqaroga takroriy ekin ekish uchun ajratildi. 2 ming 537 nafar fuqaroga shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarida oʻzini oʻzi band qilish uchun 4,8 milliard soʻm subsidiya berildi.

Prezidentimizning 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, roʻyxatga olingan 47 ming 700 nafar kambagʻal fuqaroga qariyb 51 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi. Buning ichida 100 million soʻmlik bir martalik toʻlovlar, dori-darmon vositalari, yumshoq jihozlar, oziq-ovqat mahsulotlari bor edi.

Prezidentimizning muqaddas Qurbon hayiti arafasida qabul qilgan farmoni asosida amalga oshirilgan tadbirlar pandemiya oqibatlariga qarshi kurashishda katta dalda boʻldi. Viloyatimizdagi ijtimoiy himoya va yordamga muhtoj aholi qatlamlariga 12 milliard soʻm naqd pul tarqatildi. Bundan tashqari, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati hamda kambagʻallikka qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarning jamoatchilik tomonidan muntazam va qatʼiy nazorat qilinayotgani ham bu borada samaradorlikni taʼminlayapti.

Ushbu mablagʻlar egalariga bevosita hokimlar, sektorlar rahbarlari tomonidan shaxsan topshirildi. Bu jarayonda senatorlar va deputatlar yordam puli olgan oila aʼzolari bilan mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mohiyati haqida suhbatlar uyushtirdi.

Farmon TOSHEV,

Oliy Majlis Senati aʼzosi