Aziz Abduhakimov “Ipak yoʻli” XTU talabalari va ularning ota-onalariga murojaat qildi

    Ta'lim 20 Oktabr 2020 20243

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi va “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti (XTU) rektori Aziz Abduhakimovning talabalar va ularning ota-onalariga murojaat qildi:

    “Ushbu murojaatim universitetimizga qabul qilingan omadli talabalar va ularni tarbiyalagan ota-onalariga qaratilgan. Omadli deyishimga sabab, bu yilgi qabul imtihonlarga bir joy uchun 110 nafar abituriyent kurash olib bordi.

    Buyuk Ipak yoʻlining asosiy chorrahasi, qadimiy va navqiron Samarqand shahrida joylashgan universitet Siz uchun turizm dunyosi eshiklarini keng ochib beradi. Shu kunlarda universitetimiz yangi binosining ochilishi 2 katta muhim tarixiy sana bilan bogʻliq.

    Birinchisi, bundan ikki yil avval (2018-yil iyun oyida) Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universitetini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan edilar.

    Bu tashabbus ortidan tashkil etilgan xalqaro oliygohimiz bugun oʻzining yangi kampusiga ega boʻldi va bu ikkinchisi katta tarixiy sana bilan bogʻliq. Chunki bundan roppa-rosa 600-yil avval, 1420-yilda shoh va olim, bobokalonimiz Mirzo Ulugʻbek tomonidan Registon maydonidagi ilk madrasa ochilgan edi va oʻz davri uchun maʼrifiy Renessansni boshlanishiga sababchi boʻldi.

    Bugun esa universitetimiz sizni Oʻzbekistonning turizm sohasidagi uygʻonish davri faollari boʻlishga taklif etamiz. Butunjahon turizm tashkiloti maʼlumotiga koʻra, xalqaro turizm sohasida Markaziy Osiyo mintaqasi eng katta oʻsish dinamikasiga ega hudud sifatida tan olindi – 2019-yilda mintaqa 15 milliondan ortiq chet ellik sayyoh qabul qildi.

    Buyuk Ipak yoʻli mamlakatlariga kelgan turistlar soni esa yarim milliarddan oshdi. Bu koʻrsatgichlar turizm sohasidagi yosh mutaxassislarga boʻlgan talabni oshiribgina qolmay, ularning daromadini ham belgilab beradi.

    Universitetimiz sohadagi malakali va mohir professorlar jamoasiga ega. Soʻnggi axborot texnologiyalari va innovatsiya yutuqlaridan foydalanib, sohadagi yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga bel bogʻlagan.

    Xorijiy hamkor universitetlar geografiyasi ham kundan kunga kengayib bormoqda va bu talabalarimiz uchun double degree va xorijda amaliyot oʻtashga yordam beradi. Universitet kampusi turizm talabalari uchun oʻqish, amaliyot va hordiq chiqarish uchun qulay manzilda joylashgan. Bir tarafda – “Talabalar xiyoboni – Bulvar”, boshqa tarafda – “Turizm koʻchasi”, boshqa tarafda esa – tarixiy obidalar va yulduzli mehmonxonalar joy olgan. Qoʻshni viloyat yoki respublikalardan tashrif buyurgan talabalar yangi tashkil etilayotgan mehmon uylarida qolib, mahalliy mehmondoʻstlikdan bahramand boʻlishlari mumkin.

    Talabalar oʻqish jarayoni qiziq va mazmunli oʻtkazishi uchun – muntazam ravishda turli soha ekspertlarini taklif etib boramiz. Ekspertlar oʻz kasbi sirlari boʻyicha mahorat darslari, leksiyalar tashkil etishadi. Aziz talabalar, sizlarni Ipak yoʻlining ming yillik turizm markazi boʻlgan Samarqandda, oliygohimizda kutib qolamiz!”