Аziz Аbduhakimov: “Jayron” qoʼriqxonasida kuzatuv minorasi, tashrif markazi, muzey va live-kameralar tashkil etiladi

    Turizm 18 Iyun 2020 3863

    Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʼrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasi raisi Аziz Аbduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida joylashgan “Jayron” qoʼriqxonasiga borib, u yerning sayyohlik mavsumiga tayyorgarligini koʼzdan kechirdi.

    “Bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan ichki turizmni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda, kuni kecha boʼlib oʼtgan yigʼilishda ham ular tomonidan turizm sohasi, jumladan ekoturizmni rivojlantirishga doir qator topshiriqlar berildi.

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi mutaxassislari bilan birgalikda “Jayron” qoʼriqxonasiga tashrif buyurib, bu yerning turistik salohiyatini oʼrgandik. Ixtisoslashtirilgan qoʼriqxonada koʼplab imkoniyatlar mavjud boʼlib, bu yerda xalqaro standartlarga muvofiq keluvchi zamonaviy tashrif markazi (visitor center) va muzey yaratilmoqda.

    Mehmonlar uchun barcha qulayliklar yaratish maqsadida qoʼriqxonada olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, uning tarixi haqida batafsil maʼlumotlar beriladi. Bu yerda jayron bilan bogʼliq maxsus suvenirlar liniyasi hamda uning brend doʼkonlari tashkil etiladi.

    Qoʼriqxonaga tashrif buyurgan odamlarda tamaddi qilish imkoni ham boʼlishi uchun tematik kafe faoliyati yoʼlga qoʼyiladi. Xorijiy va mahalliy sayyohlarga yanada koʼproq qulaylik yaratish maqsadida qoʼriqxona kerakli texnika bilan taʼminlanadi: boshlanishi uchun bu yerga ikki avtomobilь va ikki kvadrotsikl, live-kameralar, shuningdek suratga olishni xush koʼruvchi sayyohlar uchun fotoqopqonlar ijarasi yoʼlga qoʼyiladi”, - dedi Аziz Аbduhakimov.

    Shuningdek, Bosh vazir oʼrinbosarining soʼzlariga koʼra, qoʼriqxona hududida bir necha Kuzatuv minorasi va ular boʼyicha maxsus marshrutni yaratish rejalashtirilgan.

    Bu qoʼriqxonadagi jonivorlarni ertadan kechgacha kuzatish, yaʼni butun kun davomida ularning hayoti haqida maʼlumot olish imkonini beradi. Bundan tashqari, qoʼriqxonani turistik maskan sifatida targʼib qilish maqsadida bu yerning maxsus sayti ham yaratilib, unda virtual va 3D-turlar yoʼlga qoʼyiladi.

    Ekoturizm maskani hududida dunyoga keluvchi noyob jonivorlarga internet tarmoqlari orqali yorqin nomlar berish tizimini yoʼlga qoʼyish esa koʼpchilikda qiziqish uygʼotishi tabiiy. “Taʼkidlash joizki, ayni damda Buxoro viloyatidagi “Jayron” qoʼriqxonasiga barcha hududlarning maktab oʼquvchilari, akademik kollej va litseylar oʼquvchilari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari ekskursiyasini yoʼlga qoʼyishga doir maxsus dastur ishlab chiqilmoqda.

    Ushbu dastur asosida oʼquvchi va talabalarning rejali tashriflari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Buxoro va boshqa hududlarning mahalla hamda mehnat jamoalari vakillari uchun arzon narxlarda maxsus turlar ishlab chiqiladi. Qoʼriqxonada keng qamrovli ilmiy ishlar oʼtkazilishidan kelib chiqib, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi bilan kelishib oldik – har yili xorijiy mamlakatlar olimlarini jalb qilgan holda xalqaro anjumanlar va ilmiy konferentsiyalar oʼtkaziladi”, - deya qoʼshimcha qildi Аziz Аbduhakimov.

    Soʼz soʼngida Bosh vazir oʼrinbosari Oʼzbekiston ahlini “Jayron” qoʼriqxonasiga tashrif buyurishga hamda noyob jonivorlar hayoti bilan yaqindan tanishishga chorladi. Taʼkidlash joizki, yuqoridagi barcha ishlarni amalga oshirish natijasida “Jayron” qoʼriqxonasi yiliga 20 mingga yaqin sayyohni qabul qilish salohiyatiga ega boʼladi.

    Maʼlumot uchun: “Jayron” qoʼriqxonasi 1977 yilda tashkil topgan boʼlib, Qizilqum choʼlining janubi-gʼarbida, Buxoro shahridan 42 km masofada joylashgan. Maydoni – 16, 5 ming gektar. Uning faoliyati jayronlarning yoʼqolib borayotgan noyob turlarini koʼpaytirishga yoʼnaltirilgan. Bundan tashqari, qoʼriqxona hududida jonivorlar va oʼsimliklarning boshqa turlari ham mavjud, ular orasida Oʼzbekistonning Qizil kitobi va Xalqaro Qizil kitobga kiritilganlari ham bor.