Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov tomonidan Xiva shahridagi 3 yulduzli “Sayid Islom Khoʻja” mehmonxonasiga ajratilgan subsidiya sertifikati topshirildi.

“Mamlakatimizda turizm sohasiga qaratilgan yuqori eʼtibor natijasi oʻlaroq, Xiva shahridagi temir yoʻl vokzali yaqinida milliy uslubdagi, barcha zamonaviy talablarga javob bera oladigan yangi 3 yulduzli mehmonxona ishga tushirildi. Pandemiya turizm sohasiga katta taʼsir koʻrsatdi, lekin shunga qaramay sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarimiz uchun hukumatimiz tomonidan turli qaror, farmon hamda qonun hujjatlarida koʻplab imtiyoz va preferensiyalar berilmoqda. Mamlakatimiz boʻylab turistik mavsumning ochilishi arafasida barcha sayohatchilar uchun turizm obyektlari tomonidan koʻplab chegirmalar eʼlon qilingan. Shu bois ham yurtdoshlarimizni Oʻzbekiston boʻylab sayohatlarga chorlaymiz!”, - dedi Aziz Abduhakimov. 

Xorazm viloyatida barpo etilib, ishga tushirilgan “Sayid Islom Khoʻja” mehmonxonasiga davlat byudjeti hisobidan tegishli qarorga binoan mehmonxonani qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismi qoplanib, 2 milliard 280 million soʻm miqdorida subsidiya ajratildi. 

Mehmonxona oʻzida yuqori zamonaviy va milliy uslub uygʻunligini aks ettirgan boʻlib, restoran, fitness zali, bar va umumiy zal xonalari hamda bogʻ va terassadan iborat. “Sayid Islom Khoʻja” 57 xona va 117 oʻringa moʻljallangan. 

Maʼlumot oʻrnida: Prezident Shavkat Mirziyoyevning PQ-4095-sonli qaroriga binoan mamlakatimizda hozirga qadar 6 ta mehmonxonaga subsidiya ajratilib, mablagʻlar topshirilgan.