“Keyingi yillarda O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ini bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tkazmoqda. Biz narxlarning davlat tomonidan belgilanishidan voz kechdik va endi uni bozorning o‘zi: talab, taklif, ishtirokchilar kutilmalari belgilab beradi. Shuningdek, eksportimizning raqobatbardoshligini ta’minlash uchun, jahon bozoridagi paxtaning narxi hisobga olinadi.
Ba’zida vazirlikka fermerlar majburiy xarid narxini belgilab berish iltimosi bilan murojaat qiladilar. Ammo kompaniyalarni belgilangan narxda paxta sotib olishga majburlashga bizning haqqimiz yo‘q: hamkorlik o‘zaro manfaatli bo‘lishi kerak – hech kim zarar ko‘rmasin. Vazirlik o‘z vakolatlari doirasida ko‘mak beradi: bahs-munozaralarda mediator bo‘lib ish ko‘radi, narxni shakllantirish bo‘yicha konsultatsiyalar beradi, subsidiyalar va imtiyozlar mexanizmlarini ishlab chiqadi va joriy etadi”,- dedi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov.
Vazirlik mutaxassislari tomonidan 2023-yil hosili uchun kutilayotgan minimal narx 1 kg/8 000 so‘m sanaladi. U Nyu-York birjasidagi paxta fyuchersi kotirovkalari (oktyabr uchun o‘rtacha kotirovka 1 funt/84 syent yoki 1 tonna/1852 AQSH dollariga teng) va boshqa ko‘rsatkichlar (shu jumladan xom ashyoni tayyorlash, tashish, saqlash va tolani qayta ishlash uchun sarf-xarajatlar hisobiga qisqarish) dan shakllanadi.