Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining joriy yilning 15-sentyabr kuni qabul qilingan “Xorijiy til oʻqituvchilarining belgilangan talab darajasidagi sertifikatga ega boʻlishlariga doir zaruriy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi buyrugʻida maʼlum qilindi.
Buyruqda keltirilishicha, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat olib borayotgan barcha xorijiy til oʻqituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozimligi talabini saqlab qolgan holda, istisno tariqasida amalda faoliyat olib borayotgan va talab darajasidagi sertifikatga ega boʻlmagan pedagoglarga 2025-yilning yakuniga qadar (joriy oʻquv yilining 1- va 2-choraklari davomida) oʻz mehnat faoliyatlarini davom ettirishga ruxsat berildi.
Shu bilan birga, vazirning ushbu buyrugʻi bilan talab darajasidagi sertifikatlarga ega oʻqituvchilar sertifikatlarining amal qilish muddati oʻquv yili davomida tugaydigan boʻlsa, bu toifadagi oʻqituvchilarga oʻquv yili soʻngiga qadar ishlash imkoniyati beriladi.
Shuningdek, joriy oʻquv yilida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vakant lavozimlarga oliy taʼlim muassasalarida xorijiy tillar oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha tahsil olayotgan hamda talab darajasidagi sertifikatga ega 3-4-kurs talabalari orasidan kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.
Bundan tashqari, joriy yilning 1-dekabriga qadar vakolatli tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan chet tili boʻyicha milliy hamda xalqaro sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik jarayonida tuman (shahar) Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari tomonidan malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda talab darajasidagi sertifikatga ega boʻlmagan xorijiy til oʻqituvchilari uchun qoʻshimcha oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi.