BAA aeroportlarida ushlanib qolgan fuqarolarni himoya qilish choralari koʻrilmoqda — TIV

    Voqea-hodisalar 2 Iyun 2025 1076

    Ijtimoiy tarmoqlarda shu yilning 2-iyun kuni Jahon chempionati saralashi doirasida BAA–Oʻzbekiston oʻyinini koʻrish uchun borgan yuzlab oʻzbekistonlik muxlislar Sharja aeroportida 6-7 soat davomida ushlab turilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berildi.

    Tashqi ishlar vazirligining maʼlum qilishicha, BAAdagi turli aeroportlar orqali mamlakat hududiga kirib kelayotgan xorijliklarning, shu jumladan Oʻzbekiston fuqarolarining tekshiruvlari choʻzilib ketayotgan holatlarni alohida monitoring qilib borilmoqda.

    Ayni paytda fuqarolarimizning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Mamlakatimizning Abu-Dabi shahridagi elchixonasi hamda Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi BAAning tegishli tashkilotlari bilan ushbu masalada zudlik bilan muzokaralar oʻtkazdi va vaziyatni yaxshilash boʻyicha doimiy aloqada boʻlib turmoqda, — deyiladi xabarda.

    BAA tomoni maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda turli xalqaro tadbirlar munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirilgani sababli aeroportlarda tekshiruv vaqtlari choʻzilib ketmoqda.

    Hozirda fuqarolarimizni tezlik bilan tekshiruvdan oʻtkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan va natijada ular mamlakat hududiga kirib kelishni boshlagan, — deydi TIV matbuot kotibi Ahror Burxonov.