BAA bilan hamkorlik loyihalarini davom ettirishga kelishib olindi

    Xalqaro hamkorlik 25 Iyul 2022 1335

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “Astrum” IT akademiyasida Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Ushbu uchrashuv delegatsiyaning “IT Rark Rewind 2022” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish doirasida tashkil etildi.

    Uchrashuvda BAA bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va ularni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, AKT vaziri BAA tomonidan mGovAward xalqaro tanlovini amalga oshirishda bevosita ishtirok etgani va qoʻllab-quvvatlaganini alohida eʼtirof etdi.

    Mamlakatda yoshlarning salohiyatini yuksaltirish, ikki davlat oʻrtasida IT kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlash, AKTga yosh oʻgʻil-qizlarni koʻproq jalb etish uchun kelgusida ham ana shunday loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.

    Uchrashuv soʻngida tomonlar axborot texnologiyalari sohasida Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha ulkan salohiyat mavjudligini hamda bu borada barcha saʼy-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.