Oʻzbekiston ishchi guruhi Birlashgan Arab Amirliklarida tashrifining ikkinchi kuni doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda BAA sanoat va ilgʻor texnologiyalar vaziri – Masdar kompaniyasi boshqaruvi raisi Sulton Ahmad al-Jobir va ushbu mamlakatning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muloqotlar yuritildi.
Kun tartibidan investitsiyaviy hamkorlik yoʻnalishlarini kengaytirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yangi yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari oʻrin oldi.
Shu tariqa, Sulton Ahmad al-Jobir bilan kimyo sanoati, metallurgiya va geologiya-qidiruv sohalarida joriy loyihalarni amalga oshirishning borishi va yangi sarmoyaviy tashabbuslarni amalga oshirish rejalari muhokama etildi.
“Xalifa bin Zoid al-Nahayan jamgʻarmasi” bosh direktori Muhammad Hoji al-Xuriy bilan uchrashuvda Nukus shahrida ayollar va bolalar klinikasini qurish loyihasi amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Qarshi va Toshkent shaharlarida ham shunday shifoxonalar qurish istiqbollari, shuningdek, Oʻzbekistonda yangi tugʻilgan chaqaloqlarni eshitish qobiliyatini tekshirishning universal tizimini joriy etish masalalari koʻrib chiqildi.
International holding company bosh ijrochi direktori Sayed Basar Shuyeb bilan Oʻzbekistonning sogʻliqni saqlash, energetika va boshqa tarmoqlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Tomonlar mamlakatimiz investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishish, qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha aniq shartnomalar tuzish maqsadida kompaniya rahbariyati va ekspertlarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.
ADSSC bosh direktori A. Shamsi bilan uchrashuvda asosiy eʼtibor Toshkent shahridagi oqava suv tizimini DXSH tamoyillari asosida takomillashtirish loyihasini amalga oshirishga qaratildi. Loyiha doirasida zamonaviy muhandislik inshootlarini qurish nazarda tutilgan. Tegishli investitsiya taklifi loyihasi joriy yil bahorida imzolanishi rejalashtirilgan.
RAK Ceramics kompaniyasi ijrochi direktori A. Massad bilan uchrashuvda Oʻzbekistonning qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻnalishidagi sanoat salohiyati atroflicha koʻrib chiqildi.
Maʼlumot uchun: “RAK Ceramics” kompaniyasi 1989-yilda tashkil etilgan. Kompaniya dunyodagi eng yirik keramik mahsulotlar (keramik plitkalar, sanitariya-texnik vositalar, kranlar va oshxona jihozlari, idish-tovoqlar va boshqalar) ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Kompaniya BAA, Hindiston, Bangladesh, Eron, Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Sharqiy Afrika va Singapurda ishlab chiqarish quvvatlariga ega.
Eksportga moʻljallangan mahsulotlar, xususan, kafel va kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ustida ish boshlash boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.