BAA bilan koʻp qirrali hamkorlik koʻlami kengaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 5 Aprel 2023 1005

    Joriy yil 4-aprelda mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan BAA Hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda ikki tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish boʻyicha joriy etilayotgan loyihalar doirasidagi navbatdagi vazifalar muhokama etildi.

    Oʻtgan yilda koʻrsatkichlari ikki barobarga oshgan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining oʻsishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Bunday ijobiy dinamikani saqlab qolish boʻyicha amalga oshirilgan vazifalar qatorida ikki davlat oʻrtasidagi aviaqatnovlar soni bir necha baravar koʻpaygani – haftasiga 44 ta reysga yetkazilgani qayd etildi. Oʻzaro yetkazib berilayotgan tovarlar turlarini yanada kengaytirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar Oʻzbekiston eksport salohiyatini rivojlantirish Strategiyasini tayyorlash doirasida hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.

    Uchrashuvda mamlakatimiz hududlari infratuzilmasini rivojlantirish va sanoat salohiyatini oshirish istiqbollari ham koʻrib chiqildi. BAA tomoni iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirish boʻyicha islohotlarning yangi bosqichini yuqori baholadi hamda ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va kommunal soha tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan shahar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqishda hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

    Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalalari alohida muhokama etildi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar sunʼiy intellekt sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Kengash tuzish zarurligi haqida yakdil fikrga keldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.