BAA kompaniyasi O‘zbekistonda zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

    Mamlakatimizning Dubaydagi Bosh konsulxonasida «IBMC Financial Professionals Group» kompaniyasi rahbarlari Sajiz Kumar va Yelena Pendurova bilan muzokaralar tashkil etildi.

    Muloqot avvalida mehmonlarga so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi mavqei mustahkamlanib borayotgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, ularning faoliyati kafolatining meʼyoriy-huquqiy asoslari mustahkamlangani haqida so‘zlab berildi.

    Shuningdek, mamlakatimizning energetika, neft-kimyo sanoati, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqish, AKT, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va bank-moliya yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning ulkan istiqbollari mavjudligi urg‘ulandi.

    Sajiz Kumar O‘zbekistonda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ishbilarmon doiralar vakillariga qaratilayotgan eʼtiborni katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini bildirdi.

    «O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirishga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar bizning kompaniyamizni ham qiziqtirayapti. Biz o‘zbek hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz», deb taʼkidladi u.

    Muzokaralar yakunida «IBMC Financial Professionals Group» kompaniyasi bilan O‘zbekistonga investitsiya kiritish, xususan zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.