BAAda tajribali oʻzbekistonlik haydovchilarni ish bilan taʼminlashni reja qilmoqda

    Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida haydovchilik guvohnomalari oʻzaro tan olinishi toʻgʻrisidagi bitim 2023-yilda imzolangan edi.

    Oʻzbekistonning elchixonasi rahbariyati Dubay rekruting biznes guruhi bosh kotibi, “DULSCO Group” rekruting kompaniyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori Mahdi Muhammad bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi korxonalarni tashkil qilish orqali qoʻshimcha ishchi oʻrinlarini yaratish, mamlakatimiz fuqarolarini uyushgan holda va qonuniy tarzda xorijiy davlatlarga ishga yuborish, migratsiya boʻyicha meʼyoriy-huquqiy asoslar va boshqalar toʻgʻrisida soʻzlab berildi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston bozorlarida faol ishlaydigan rekruting kompaniyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham BAA tomoni eʼtiboriga taqdim etildi.

    Dubay rekruting biznes guruhi bosh kotibi Oʻzbekiston bozoriga qiziqish mavjudligini va mamlakatimiz fuqarolarini BAAda ish bilan taʼminlash boʻyicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

    Mahdi Muhammad Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida haydovchilik guvohnomalari oʻzaro tan olinishi toʻgʻrisidagi bitim 2023-yilda imzolanganiga eʼtibor qaratib, tajribali haydovchilarni ish bilan taʼminlash imkoniyati borligini maʼlum qildi.

    Muzokaralar yakunida mamlakatimizdan BAAga malakali mutaxassislarni ishga jalb qilish maqsadida Oʻzbekistonning tegishli tashkiloti va Dubay rekruting biznes guruhi oʻrtasida hamkorlik bitimi loyihasini ishlab chiqish va imzolash boʻyicha kelishib olindi.