"Dunyo" AAning maʼlum qilishicha, tashabbus Dubay shahridagi Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi koʻmagida amalga oshirilgan. Dastlab taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasi va ehtiyojlari oʻrganilib, shundan kelib chiqib zarur uskunalar ajratilgan.
Xususan, «INKAS» kompaniyasi tomonidan jami 20 ta kompyuter, 10 ta printer, 5 ta tikuv mashinasi va 5 ta nuqtali payvandlash apparati homiylik tariqasida taqdim etildi.
Uskunalar Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 1- va 2-son texnikumlarga har biri uchun 10 tadan kompyuter va 5 tadan printer koʻrinishida yetkazib berildi. Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 1-son texnikumi esa 5 ta tikuv mashinasi hamda 5 ta nuqtali payvandlash apparati bilan taʼminlandi.
Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, mazkur homiylik yordami texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻquvchilarning amaliy kasbiy tayyorgarligini oshirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish hamda ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.