Badiiy publitsistika kengashida yil sarhisobi

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Badiiy publitsistika kengashi faoliyatining 2021-yil yakunlariga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda uyushma vakillari, kengash aʼzolari, yosh ijodkorlar, talabalar ishtirok etdi.

    Yigʻilishda kengash raisi Ahmadjon Meliboyev badiiy publitsistikaning bugungi yutuq va kamchiliklari, janr xususiyatlari, yil davomida chop etilgan toʻplamlar, navbatdagi vazifalar haqida maʼlumot berdi.

    Shundan soʻng, “Ishonch” gazetasi bosh muharriri Husan Ermatov, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi bosh muharriri Salim Ashurning oʻtgan yil yakunlari va publitsistikaning bugungi dolzarb muammo va vazifalari xususidagi maʼruzalari tinglandi, muhokama qilindi. Hisobotda ijodkorlarning “Xalq soʻzi”, “Hurriyat”, “Ishonch”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Yangi Oʻzbekiston” kabi gazetalarda gʻoyat jiddiy, salmoqli publitsistik maqolalari chop etilgani taʼkidlandi.

    – Oʻtgan davr mobaynida kengash aʼzolari nashrlarning mavzu va mohiyatiga alohida eʼtibor qaratdi, – deydi Ahmadjon Meliboyev. – Navoiylik Salima Xoldorova, taniqli adiblar Sotim Avaz, Muhtarama Ulugʻovaning publitsistik toʻplamlarini muhokama qilinib, ularga tegishli maslahatlar berildi. Akademik Abdulla Aʼzamning Alisher Navoiy haqidagi yangi publitsistik essesi “Jahon adabiyoti” jurnalida eʼlon qilindi.

    Shuningdek, hisobot yigʻilishida “Buyuk oʻzbek yoʻli”, “Adabiyot – xalqning yuragi”, “Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida”, Abdulla Aʼzamning “Abrorlar hayrati”, Sirojiddin Sayyidning “Eldoshlarim, dildoshlarim”, “Abdurahim Erkayevning “Abdulla Oripov dahosi”, Ilhom Gʻaniyevning “Rauf Parfi Oʻzturk dunyosi”, Abdusaid Koʻchimovning badia va qissalardan iborat toʻplami, Olim Toshboyevning “Botindagi boʻron”, Ahmadjon Meliboyevning Erkin Vohidov publitsistikasiga bagʻishlangan “Erkin Vohidovning imzosi” nomli koʻplab publitsistik kitoblar nashr etilgani aytib oʻtildi.

    Yigʻilishda uyushma aʼzosi Hakim Sattoriy, OʻzMU magistranti Muslima Omonqulova badiiy publitsistikani yanada rivojlantirish borasidagi takliflarini oʻrtaga tashladi.

    Yigʻilish soʻnggida kengashning 2022-yildagi faoliyatiga oid rejalari muhokama qilindi.

    Shodi Otamurod,

    shoir