Bagʻdod tumanining dasht hududida butunlay yangi shaharcha qad rostladi

    Urbanizatsiya 13 Oktabr 2021 1194

    Tumanda 218 mingdan ziyod aholi yashaydi. Uzoq vaqt qurilishga eʼtibor boʻlmagani tufayli odamlarning uy-joyga ehtiyoji yuqori edi.

    Shu bois markazdan olis dasht hududidagi “Guliston” MFY da 1 podyezdli 61 ta koʻp qavatli uylarda 1 220 ta xonadon turar joylari barpo qilindi. Quvonarlisi, yangi va zamonaviy xonadonlarni sotib olishda qulaylik yaratish maqsadida fuqarolarga subsidiyalar taqdim etilgan. Mahallada insonlar uchun kerakli hamma ijtimoiy obyektlar qulay joylashgan. Fuqarolar yigʻini binosi, yoshlar uchun kovorking markazi, savdo va maishiy xizmat majmuasi yonma-yon. 420 oʻrinli maktab, 150 oʻrinli bogʻcha, oilaviy poliklinika, madaniyat uyi, sport majmuasi barpo etilgan. Koʻp qavatli uylar oldida bolalar maydonchalari tashkil etilgan.

    Eʼtiborli jihati shundaki, yangi xonadonlarda kommunal va kadastr masalalarida davlat xizmatlariga ehtiyoj yuqori boʻlganligi hamda tuman markazidan 15 kilometr uzoqda joylashganligi bois bu yerda haftaning shanba kunlari maxsus avtobuslarda sayyor davlat xizmatlari koʻrsatilyapti. Xususan, “Oʻzimiz keldik” aksiyasi davomida birgina Guliston MFY aholisidan 200 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ularning aksariyat qismini kommunal sohadagi hisoblagichlarni oʻrnatish, kadastr pasportini shakllantirish, koʻchmas mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, farzandlarini maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirish, tugʻilganlik guvohnomalarini rasmiylashtirish, qonuniy nikohdan oʻtish kabi masalalar tashkil etdi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan “Oʻzimiz keldik” aksiyasida 19 tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan jami 758 ta sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi. Mobil xizmatlar davomida eng koʻp STIR aniqlash va nafaqa haqidagi maʼlumotni olish xizmatlari koʻrsatildi. Fuqarolarga saylov qonunchiligi, davlat xizmatlarini koʻrsatish, FHDYO ishlari boʻyicha 1 226 ta huquqiy maslahatlar berildi, deb xabar beradi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.