Jahon madaniyatlarining boy xilma-xilligini hurmat qilish va eʼtirof etish, hamjihatlik vaziyati va baqarqarorlik omili boʻlgan diniy bagʻrikenglik xalqimizning azaliy fazilatlaridan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan hamkorlikda “Millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik — jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan anʼanaviy xalqaro konferensiya ham buning amaldagi ifodasi boʻldi.

Zero, Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati bilan anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan konferensiyani oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish, istiqbolda belgilangan vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yoʻnalishda oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdir. Mamlakatning taraqqiy etishi ham avvalambor undagi barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitining saqlanishiga bogʻliq.

Dinshunos ekspertlar, islomshunoslar ishtirok etgan anjumanda Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va boshqa qoʻshni hamda qardosh mamlakatlardan kelgan olimlar, etnik-madaniy birlashmalar, islomiy va noislomiy konfessiyalar vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniyat markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy xodimlar va talabalari ham qatnashdilar.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada “Markaziy Osiyo xalqlari maʼnaviy merosida millatlararo bagʻrikenglik masalalari”, “Yangi Oʻzbekistonning vijdon va eʼtiqod erkinligi sohasida tajribasi”, “Islom dinining millatlararo va dinlararo totuvlikni taʼminlashdagi oʻrni”, “Milliy madaniy markazlar – Oʻzbekistonda millatlararo totuvlikni taʼminlashning muhim vositasi”, “Markaziy Osiyoda millatlararo totuvlikni mustahkamlashda Oʻzbekistonning samarali hamkorligi natijalari” kabi mavzular maʼruzachilarning muhokama maydonida boʻldi.

Mamlakatimiz tarixan koʻpmillatli oʻlka boʻlganligi tufayli bu zaminda turli-tuman din vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizdagi boshqa tashkilotlar qatori diniy jamoalar ham jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etib, xalqimizning maʼnaviyati va qadriyatini tiklash, oʻzligimizni anglash, eng asosiysi, mustaqilligimizning mustahkam va boqiy boʻlishiga munosib hissa qoʻshmoqdalar.

Munojat Moʻminova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri