Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Diniy bagʻrikenglik, dindorlarning huquq va erkinliklarini taʼminlashning siyosiy va huquqiy jihatlari: milliy tajriba” mavzusida tashkil etilgan mintaqaviy videokonferensiya bu boradagi hamjihatlikni yana-da mustahkamlashga bagʻishlandi.
Tadbirda yurtimizdagi tegishli idora va tashkilotlari, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻizistondan turli diniy konfessiya vakillari ishtirok etgani uning koʻlamiyu nufuzini kengaytirdi.
Konferensiya davomida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik — yangilangan Oʻzbekistonning maʼnaviy kuchi”, “Islomdagi diniy bagʻrikenglik asoslari”, “Bagʻrikenglik din erkinligini mustahkamlashning asosiy prinsipi sifatida”, “Oʻzbekistonda diniy tashkilotlar faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish” kabi qator mavzular muhokama etildi.
– Oʻzbekistonda turli konfessiya, dinlar, millatlararo totuvlik, inoqlik muhiti, madaniyati shakllangan, – deydi Yahudiy diniy jamoalari Toshkent jamoatchiligi raisi Arkadiy Isaxarov. – Buning negizida asrdan asrga oʻtib kelayotgan qadriyatlar, anʼanalar mujassam. Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston turli millat va din vakillari uchun madaniyat markazi boʻldi. Xalqning bagʻrikenglik, mehmondoʻstlik kabi fazilatlari tufayli bu jarayon yana-da oson kechdi.
Anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlarida dinlararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni yana-da mustahkamlash boʻyicha koʻrilgan choralar, mintaqa davlatlarining ushbu sohadagi ijobiy tajribasini xalqaro hamjamiyatga yetkazish kabi masalalar xususida soʻz bordi.
– Oxirgi yillarda diniy-maʼrifiy sohada Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻziga xos yondashuvlari asosida ijtimoiy-maʼnaviy muhit tubdan oʻzgardi, – deydi Oʻzbekistondagi Rim katolik cherkovi rahbari, yepiskop Yeji Matsulevich. – Eng avvalo, diniy tashkilotlar jamiyat taraqqiyoti va yurt tinchligida oʻziga xos muhim oʻrin tutadigan mavqega ega boʻldi. Bunda insonning boshqa din, oʻzga madaniyat, alohida insonni hurmat qilish, oʻz birodaridek qabul qilish koʻnikmasi shakllandi. Bu BMTning Inson huquqlari va diniy erkinliklar boʻyicha maxsus vakili tomonidan ham taʼkidlanmoqda. Mazkur tashkilot aʼzolari Oʻzbekistonga tashrifi davomida biz bilan ham alohida uchrashib, fikr-mulohazalarimiz bilan qiziqqani eʼtiborga sazovordir. Hozir Oʻzbekistonda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tadbir yakunida muhokama etilgan mavzular yuzasidan xulosalar chiqarildi, mazkur fikr-mulohazalar soha rivojini yuksaltirish yoʻlida xizmat qilishi taʼkidlandi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri