Shu yilning 17-fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida navbatdagi professional boks kechasi tashkil etiladi.
Oqshomning asosiy jangi superogʻir vazn toifasida mutlaq jahon chempionligi uchun kechadi. Unda WBC chempioni Tayson Fyuri qolgan kamarlar sohibi Aleksandr Usikka qarshi ringga koʻtariladi.
“Kingdom Arena” mezbonlik qiluvchi ushbu prof boks kechasida hamyurtimiz Bahodir Jalolov ham oʻz jangini oʻtkazadi. Buni Top Rank promouterlik kompaniyasi rasmiylari ham tasdiqlashgandi.
Maʼlumotlarga koʻra, magʻlubiyat va murosa nimaligini bilmay kelayotgan charm qoʻlqop ustamiz shu kuni chernogoriyalik Dilan Prashovichga qarshi ringga chiqadi. Bu xabar amerikalik taniqli jurnalist Den Rafael tomonidan tarqatildi. Ammo hozircha turnir tashkilotchilari bu maʼlumotni rasman tasdiqlashgani yoʻq.
Taʼkidlash joiz, 29 yoshli Prashovich professional faoliyati davomida 20 ta jang oʻtkazib, 17 gʻalaba (14 nokaut) va 3 magʻlubiyat qayd etgan. Faoliyatidagi ilk magʻlubiyatini 2021-yilda birinchi ogʻir vaznda WBO chempioni Lourens Okolidan qabul qilib olgan. Shundan soʻng u Ayzek Chemberlen va Aleksey Papinga ham imkoniyatni boy berdi. Keyin esa Prashovich superogʻir vazn toifasiga oʻtdi va ikki gʻalabaga erishdi.