8 raundlik jangda u belgiyalik Jek Mulovayiga qarshi ringga koʻtarildi va raqibini soʻnggi raundda nokautga uchratdi. Bu Bahodirning professional boksdagi 11-jangida qozonilgan 11-gʻalabasi sifatida tarixga kirdi.
Eʼtiborlisi, Jalolov barcha janglarni muddatidan avval nokaut bilan yakunlamoqda.
Yarim tunda yengilmas bokschimiz Bahodir Jalolov AQSHdan qaytib keldi. Uni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Shaxrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston boks va professional boks federatsiyalarining masʼul rahbarlari, sportchining yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar tantanali ravishda kutib oldi.
Kutib olish marosimida OAV xodimlariga intervyu berar ekan, Bahodir Jalolov mana shunday gʻalabalar orqali oʻz reytingini oshirib borishi va tez orada ogʻir vazn toifasida chempionlik kamari uchun ringga koʻtarilishdan umidvor ekanligini taʼkidladi.
Bahodir Jalolovni qoʻlga kiritilgan ajoyib gʻalaba bilan muborakbod etamiz.