Mazkur boks oqshomida oʻzbekistonlik ikki charm-qoʻlqop ustasi — ogʻir vaznli Bahodir Jalolov hamda yarim yengil vazn toifasida WBA kamari uchun sobiq daʼvogar Otabek Xolmatov ringga koʻtarildi.
Superogʻir vazn toifasidagi professional bokschimiz Bahodir Jalolov ukrainalik Igor Shevazutskiyga qarshi ringga koʻtarildi. 10 raund etib belgilangan jang toʻliq davom etdi va yakunda Jalolov ochkolar hisobiga koʻra gʻalaba qozondi.
Bahsning uchinchi raundida Bahodir raqibini nokdaun holatiga solib qoʻydi.
Bugungi jangdagi muvaffaqiyat orqali 30 yoshli Bahodirning gʻalabalari soni 15 taga yetdi. Uning hisobida hozircha birorta magʻlubiyat yoki durang yoʻq.
Yarimengil vazndagi Otabek Xolmatov (13-1, 12 KO) filippinlik Jeyson Kano Manigos (30-13-2, 20 KO)ni soʻnggi 8-raundda texnik nokautga uchratib, faoliyatidagi 13-gʻalabasini qoʻlga kiritdi.