30 may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan yangi ta'mirdan chiqqan va yangi nom olgan O'zbekiston Milliy kino san'ati saroyida “Bahodir Yalangto'sh” tarixiy fil`mining katta taqdimoti bo'lib o'tdi.
Mazkur taqdimotda O'zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoeva boshchiligidagi mehmonlar, davlat tashkilotlari vakillari, jurnalist va blogerlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Namoyish avvalida fil`mning ijodiy jamoasi sahnaga taklif etildi. Fil`m rejissyori Jahongir Ahmedov so'zga chiqib, mazkur tarixiy kinoasarning yaralishida o'z mehnatini ayamagan barchaga minnatdorlik bildirdi.
"Bahodir Yalangto'sh" fil`mi Davlat rahbari tashabbuslari bilan yaratilgan "Tirik tarix" loyihasi doirasidagi ilk fil`m bo'lib, Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda suratga olingan. Fil`mda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artistlar Boir Xolmirzaev, Matyoqub Matchonov, Behzod Muhammadkarimov, Tohir Saidov kabi mahoratli aktyorlar rol` ijro qilgan. Bahodir Yalangto'sh roli esa sportchi va aktyor Habibullo Nizomov tomonidan gavdalantirilgan. Fil`m stsenariy muallifi Hasan Toshxo'jev, bosh prodyuserlar Firdavs Abduxoliqov va erkinjon Turdimov, ijrochi prodyuser Zafar Yo'ldoshev.
"Bahodir Yalangto'sh" – suratga olish jarayonlari bitta pavil`onda bo'lib o'tgan yagona fil`m. Ushbu fil`mning yaratilishi uchun 3D formatdagi ekranlar sotib olinib, maxsus pavil`on tashkil etildi. Yangi panoramali pavil`on eng yuqori zamonaviy badiiy va texnologik saviyada fil`mlar suratga olishga ixtisoslashgan. Stage Craft texnologiya bitta pavil`onning o'zida yuqori sifatli tasvirga olish imkonini beradi.
Ma'lumot uchun, 25 may kuni Samarqand shahridagi “Mo'jiza” amfiteatrida 3,5 ming nafar tomoshabindan iborat keng jamoatchilik uchun ushbu fil`mning ilk prem`erasi bo'lib o'tdi.