Bahor kuychisi

    Madaniyat 1 Mart 2021 5608

    Bugun bahorning birinchi kuni. Bahor deyilganda koʻngilda sohir tuygʻular uygʻonadi.

    Inchunin, bahor, sadoqat, vafo kuychisi, xalqimizning ardoqli shoirasi Zulfiya ham shu kunda tugʻilgan.

    Bu ikki sanada ajib bir uygʻunlik bordek. Shu bois bu kunni munosib nishonlash Toshkent tibbiyot akademiyasi oʻqituvchi, talabalari uchun anʼanaga aylangan.

    Zulfiyaxonimning boy ijodiy merosini chuqur oʻrganish, shoiraning ona Vatan, vafo va sadoqatni tarannum etuvchi sheʼr va gʻazallarini talaba yoshlar qalbiga koʻchirish uchun maxsus loyiha ishlab chiqilib, talabalar turar joylarida shoira ijodiga bagʻishlangan turli tanlov, mushoira, sheʼriyat kechalari ham oʻtkazildi.

    Darslar va amaliy mashgʻulotlardan ortib, maxsus toʻgaraklarda tayyorlangan bayram ssenariysi bugun erta tongdan adiblar xiyoboniga jam boʻlgan sheʼriyat va adabiyot ixlosmandlarini befarq qoldirmadi.

    Boʻlajak shifokorlar sevimli shoirlarimiz Zulfiya va Hamid Olimjon obrazlarini taʼsirli qilib gavdalantirib bera olish bilan birga, sanʼat va adabiyotning tibbiyot ilmi bilan hamohang jihatlari, inson salomatligiga xizmat qiladigan umrboqiy maʼnaviy meros ekanligini oʻzlarining badiiy-musiqiy chiqishlari orqali ham namoyish etdilar.

    Tadbirda Zulfiyaxonim ijodining muxlislari, shoiraning qarindoshlari, yaqin yoru doʻstlari va shogirdlari ishtirok etishdi.

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda oʻtgan tadbirda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi yoshlari va Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi adabiy toʻgarak ishtirokchilari tomonidan Zulfiya va Hamid Olimjon qalamiga mansub sheʼrlar yangradi.

    Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot xizmati