Bahordagi surunkali charchoq sindromi qandli diabet alomatimi?

    Salomatlik 21 Mart 2023 1434

    Bahor kelib, kunlar isiy boshlashi bilan ko'pchilikda vitamin etishmasligi kuzatiladi. Bu esa tanada holsizlik va kuchli charchoq alomatlari bilan namoyon bo'ladi.

    — Darhaqiqat, bunday belgilar erta bahor fasliga xos bo'lib, aksariyat insonlarni bezovta qiladi, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova.

    — Biroq ushbu holatni faqat “ilik uzildi” mavsumi bilangina bog'lash to'g'ri emas. Sababi umumiy holsizlik bir qator infektsion va noinfektsion kasalliklarning ilk belgisi bo'lishi mumkin. Yuqumsiz endokrin (qandli diabetning ikkinchi turi) va xavfli o'sma xastaliklari, revmatizm, revmatoid artrit, kamqonlik, yurak qon-tomir kasalliklari shular jumlasidan.

    Bemor hayotiga xavf soladigan qandli diabetning ikkinchi turi (qondagi qand miqdorining oshib ketishi) ko'pincha 40 va undan katta yoshdagi kishilarda uchraydi. Bunga nasliy moyillik yoki noto'g'ri ovqatlanish, semizlik, kamharakatlik, asabiy zo'riqish kabilar sabab bo'ladi.

    U yashirin kechadi, lekin bosh miya, ko'z tubi, yurak, buyrak, hamma yirik va mayda arterial qon-tomirlar shikastlanib boradi. Bu patologik jarayon yurak qon-tomir va buyrak etishmovchiligiga olib keladi.

    Surunkali V va S virusli gepatitlar (jigar kasalliklari) esa yuqumli bo'lib, in'ektsiya orqali, qon quyishdan, homilador onadan bolaga yuqishi mumkin. Xastalik yashirin kechgani bilan bemorda kundan-kunga umumiy holsizlik kuchayib boradi.

    Agar sizni surunkali charchash sindromi bezovta qilsa, darhol shifokorga murojaat qiling. Tibbiy ko'rik jarayonida mutaxassis holsizlik sabablarini aniqlashda yordam beradi.

    Sog'liqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.