Chindan ham hozir dala va yaylovlarda chigirtkalar galasini kuzatishimiz mumkin. Mutaxassislar fikricha, bu yil chigirtkalarning tarqalish koʻlami oʻtgan yillardagiga nisbatan keng. Bu ob-havoning ancha issiq kelgani bilan bogʻliq.

Zararli chigirtkalar qulay ob-havo sharoitida koʻpayib, ommaviy tarqaladi. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini zararlaydi. Dehqonga ham, davlatga ham katta iqtisodiy zarar keltiradi. Ular shunisi bilan xavfli.

Hozirgacha mamlakatimiz boʻyicha salkam 485 ming 163 gektar maydonda kuzatuv oʻtkazilgan. Shundan 273 ming 180 gektarida chigirtka tarqalgani aniqlandi. 251 ming 152 gektar yerda esa ularga qarshi kimyoviy kurash chorasi koʻrildi.

Kuchaytirilgan nazorat tadbirlari Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida hamon davom etyapti. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent viloyatlarida zararkunandaga qarshi yerga kimyoviy ishlov berilmoqda.

Mamlakatimizda asosan, marokash va saksovul bukri chigirtkasi uchrayapti. Prognozga koʻra, joriy yilda 608 ming gektardan ortiq maydonda zararli chigirtka tarqalishi ehtimoli bor. Biroq bu koʻrsatkich oʻzgarishi mumkin.

Shu bois, ayni paytda chigirtkaga qarshi kurash ishlari sutkalik rejimga oʻtkazilgan. Hududiy xizmatlar rahbarlari hamda agronomlarning telefon raqami Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi rasmiy sahifalarida joylashtirilgan.

Umuman, bu borada samarali chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Jumladan, zararkunandalar tarqaladigan oʻchoqni yoʻq qilish va tarqalishining oldini olish uchun dala maydonlari, yaylovlar va transchegaraviy hududlarda muayyan ishlar qilinyapti. Mutaxassislardan iborat maxsus guruhlar zamonaviy transport va kimyoviy vositalar bilan toʻliq taʼminlangan.

Shu oʻrinda kichik eslatma. Yurtdoshlarimiz biror hududda zararli chigirtkalarga duch kelsa, agentlikning maxsus 1288 qisqa raqami yoki (71) 202-10-00 ­telefon raqami orqali murojaat qilishi mumkin.

Mamlakatimiz chigirtkalar koʻpayishi va tarqalishi uchun iqlim jihatidan juda qulay hududda joylashgan. Xususan, yurtimiz sarhadlarida 200 turdagi chigirtkani uchratish mumkin. Tabiiyki, ularning toʻda hosil qiluvchi 6-8 turiga qarshi kurash tadbirlari har yili oʻtkaziladi. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida qishloq xoʻjaligi ekinlari, saksovulzor va yaylovlarga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararning oldi olinmoqda.

Bobur HAMROYEV,

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi

direktorining birinchi oʻrinbosari