Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida mazkur musobaqada sovrindor boʻlgan sportchilar va ularning murabbiylariga davlat tomonidan koʻzda tutilgan bir martalik pul mukofotlari taqdim etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Sport boʻyicha vakili Odil Abduraxmanov, shuningdek, Sport vazirligi va MOQ rahbariyati, musobaqada shohsupaga koʻtarilgan sportchilarimiz va ularning yaqinlari ishtirok etishdi.
Rasmiylar yosh atletlarimizni qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyat bilan qutlab, ularga kelgusi Oʻyinlarda ham omad tilashdi. Shuningdek, tantanali yopilish marosimida Osiyo yoshlar oʻyinlarining kelgusi mezboni sifatida topshirilgan Osiyo Olimpiya kengashi bayrogʻi MOQ binosiga oʻrnatildi.








