Bahromjon Gaziyev Osiyo ot sporti federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga tayinlandi

    Yevroosiyo ot sporti assosiatsiyasi vitse-prezidenti, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev Osiyo ot sporti federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.

    Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo oʻyinlarining ot sporti musobaqalari oʻtkazilgan Tognlu shahrida Osiyo ot sporti federatsiyasining navbatdan tashqari Bosh assambleyasi boʻlib oʻtdi. Uning kun tartibidan federatsiya vitse-prezidentlarini saylash masalasi ham oʻrin olgan edi.

    Taʼkidlash kerakki, ushbu yuksak lavozimga nomzodlar orasida Xitoy, BAA, Janubiy Koreya, Liviya va Eron vakillari qatori Oʻzbekistondan nomzod ilgari surildi.

    Ovoz berish natijalariga koʻra, hamyurtimiz Bahromjon Gaziyev Osiyo ot sporti federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.