Unda hokimning uy-joy, kommunal xizmat koʻrsatish va obodonlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Abdurashid Nurmatov yigʻilganlarga sohada amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Maʼlum boʻlishicha, ishlar, avvalo, xatlov oʻtkazish, oqsayotgan sohalarni aniqlashtirish va aniq reja-dasturlar ishlab chiqish bilan boshlangan boʻlib, 11 oy davomida tarmoqning barcha kesimlarida tizimli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan hududni tozalash va obodonlashtirish boʻyicha 469 163 kv. m sanitar tozalash va 172 000 kv. m koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilgan. Shu bilan birga, 42 867 dona koʻchat va 671 000 dona mavsumiy gullar ekilgan.

Issiqlik va issiq suv taʼminoti boʻyicha “Veolia Energy Tashkent” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan 29 ta korxona va 13.8 km tarmoq joriy, 4.2 km tarmoq mukammal taʼmirlangan. Yangihayot tumani oqava suv tarmoqlari boʻlimi tomonidan esa 2450 pm yangi tarmoq qurilib, 140 pm eskirgan tarmoq mukammal taʼmirlangan.

Shuningdek, Yangihayot tumani koʻcha yoritish tizimi boʻyicha 2.4 km tarmoq zamonaviy SIP kabeliga almashtirilib, 3.6 km yangi tarmoq tortilgan va 228 dona yangi yoritgich oʻrnatilgan.

Anjuman davomida shu va boshqa maʼlumotlar toʻgʻrisida axborot berilib, tuman mutasaddilari jurnalist va blogerlarning savollariga atroflicha javob berishdi.

Yangihayot tuman hokimiyatida kommunal soha yoʻnalishida olib borilgan ishlar va rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.